Adme.ru sayti muharrirlari bizga yaponlarning bolalarni tarbiya qilish yo’llari haqida ba’zi bir sirlarni ochmoqchilar. Kamina ularning bu tavsiyalarini qo’llab – quvvatlagan holda maqolani sizga tarjima qilib taqdim qilmoqchiman.
Kun chiqar mamlakatda ko’zga tashlanadigan birinchi holat bu avlodlar o’rtasida o’zaro yaqinlik, ya’ni bir birini tushunishdir. Bolalar huddi umuman injiqlik qilmaydigandek. Bunday robitaning sabablaridan biri – bu uzoq davrlardan beri davom etadigan an’ana, bola bilan doimiy birga bo’lishlikdir.
Uzoq davrlardan beri onalar uy yumushlarini bola tarbiyasi bilan hamjihatlikda olib borishgan. Bola onaga mato yordamida bog’lanib doimo u bilan birga bo’lib kelgan. Shu holatda ya’ni bola onaning bag’riga bog’langan holatda ona o’z ishlarini bajarib yurgan va faoliyati davomida bola bilan suhbatlashib, uni kundalik faoliyat bilan tanishtirib borgan. Bu holatning natijasida esa ko’p hollarda bolalar yurib ketishlaridan avval gapirishni o’rganganlar.
Bunday holat hozirgi kunda ham davom etib, yapon ayoli qayerga bormasin va nima ish qilmasin, chaqalog’i doim uning yonida – ko’ksida yoki belidadir.
Yapon ona odatda 3 yoshgacha bolani uyda olib o’tiradi. 3 yoshdan keyin esa bola bog’chaga beriladi. To’g’ri bolani 3 yoshgacha bo’lgan davrda bog’chaga berishsa ham bo’ladi, lekin yaponlar bunday holatga qarshilar. Yana ular bolani bobo va buvilariga bolaga qarab turishlari yoki tarbiya uchun berishga ham qarshilar.
Yapon bolasi ilk yoshlaridanoq o’z atrofdagilarining va hatto narsalarning his tuyg’ulariga e’tiborli bo’lishlariga ya’ni hurmat bilan qarashlariga e’tibor berilar ekan. Agar erkatoy bolakay sevimli o’yinchog’ini sindirib qo’ysa, onasi hech qanday jazo qo’llamay, oddiygina "sen uni azoblading” der ekan.
Bola bilan nafaqat onalar balki otalar ham alohida shug’ullanishadi. Ular ham mehrlarini bola bilan bo’lishadilar. Bola ota – ona mehri va nazoratida cho’milishadi desak ham bo’ladi. Oilada ovoz baland ko’tarilmaydi, uzoq – uzoq "ma’ruzalar” o’qilmaydi. Jismoniy jazo haqida gap ham bo’lishi mumkin emas. Bola ham o’z aybini his qiladi va ota – onasi tanbehidan kerakli xulosa chiqarishadi.
Bolalikdan har bir yapon boshqalarga halaqit bermaslik va o’zini xushmuomala tutishlikni odat qilib oladi. Yaponlar norozilik alomatini qarash yoki ovoz ohangi orqali ifodalaydilar. Bolalar ota – onasining noroziliklarini darrov payqaydilar va xatolarini to’g’irlashga harakat qiladilar.
Maqolaga xulosa yasagan holatda shuni aytish mumkinki yapon bolalari ota – ona tomonidan yuksak mehr – muhabbat, qayg’urish va ilk yoshlaridan jamiyat qoidalarini o’zlashtirib boradilar. Albatta bu tarbiya tizimi biznikidan ko’p farq qilmaydi.
xop, biz mazkur maqoladan o’zimiz uchun qanday saboq olsak bo’ladi?
1 – saboq. Bolaga ilk yoshidanoq nafaqat ona balki ota ham o’z mehrini birdek berishi lozim.
2 – saboq. Bola 3 yoshgacha hayotini asosan ona bilan o’tkazgani ma’qul.
3 – saboq. Ona bolasini o’z yonida doim olib yurib, u bilan doimo muloqotda bo’lishga harakat qilishi lozim
4 – saboq. Bola oilaning har bir a’zosiga va o’z o’yinchoqlariga hurmat bilan qarash hissini singdirib borish lozim. "Ozor bermaslik” ruhida tarbiyalanishi lozim.
5 – va eng asosiy saboq bu ota va ona bolaga ilk yoshdanoq yuksak mehr berib borishlari lozim. Bolaning har bir harakati ota – ona e’tiborida bo’lishi lozim.
Yana bir jihatga e’tiboringizni qaratishga ruxsat berasiz. E’tibor berdingizmi, bunday turdagi sharqona tarbiya usuli biznikiga ham o’xshab ketadi. Lekin ming afsuski hozirgi kunda, bizning ota – onalarimiz ajdodlarimiz qoldirgan "Bola tarbiyasi” merosini unutib qo’yishayotgandek nazarimda.
Maqolani tarjima qildi va tayyorladi: Sadikov Nasim