Qo‘shib o‘tilgan darslarga pul to‘lanmaydi!
Vazirlar Mahkamasining 425-son qarori 02.08.2022 yilda kuchga kirdi. Mazkur qaror bilan “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash to‘g‘risida”gi nizom 22-band bilan to‘ldirildi.
Ushbu bandga ko‘ra bo‘lib o‘qitiladigan fanlar bo‘yicha guruhlardan birining o‘qituvchisi turli sabablarga ko‘ra darsda bo‘lmagan holatlarda guruhlar qo‘shib o‘qitiladi hamda qo‘shib o‘qitganligi uchun qo‘shimcha haq to‘lovlari amalga oshirilmaydi.
Demak, endilikda darslar bo‘lib o‘tiladigan fanlardan dars o‘tadigan o‘qituvchi vaqtincha yo‘q bo‘lgan vaqtda uning guruhini o‘ziga qo‘shib o‘tgan o‘qituvchiga qo‘shimcha haq to‘lanmaydi.
Avvallari VM 297-son qarori bilan tasdiqlangan nizom 25-bandi asosida bunday holatda o‘qituvchilarga 30 foiz qo‘shimcha haq to‘lanardi. Birovning o‘rniga ishlagani uchun. Endichi? Endi esa bunday huquq yo‘q!
Biroq bu aslida qonunga zid.
Mehnat kodeksining 154-moddasi mazmuniga ko‘ra ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq har yarim oyda kamida bir marta to‘lashi shart.
Ma’lumki, o‘qituvchining bajargan ishi (stavkasi) 3271 ro‘yxat raqamli nizom asosida unga tarifikatsiya asosida berilgan darslar va ped yuklamasi asosida belgilanadi.
Nizom qoidalariga ko‘ra bo‘lib o‘tiladigan darslar o‘qituvchilarga alohida tarifikatsiya asosida beriladi. Bunda bitta o‘qituvchi boshqa o‘qituvchiga biriktirilgan darslarni o‘tishi uning uchun qo‘shimcha ish sanaladi.
❗️Endi qarang! Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonunning 18-moddasida ikkinchi qismida normativ-huquqiy hujjat o‘ziga nisbatan yuqoriroq yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq bo‘lishi kerakligi belgilangan.
(c) Yurist Imomniyozov