Kechirishning yuki. O’quvchilar uchun ibratli hikoya

Primary tabs

Bir kuni o’qituvchi litseydagi o’quvchilariga ajoyib taklifni aytdi: – Bir hayotiy tajribada ishtirok etishni istaysizmi?
O’quvchilar taklifga rozi bo’lishdi.
– Unday bo’lsa, men nima desam, shuni bajarishga so’z bering.
O’quchilar so’z bergach:
Endi ertangi vazifangizga tayyor turing, dedi o’qituvchi. – Ertaga hammangiz yelim xalta va ko’pi bilan besh kilocha kartoshka olib kelasizlar.
O’quvchilar bu qanday «tajriba» ekanini bilmasalar ham? ertasi kuni hamma aytilgan narsalarni olib kelishdi.
O’qituvchi shunday dedi:
– Endi hozirga qadar siz kechirishni xohlamagan kishi uchun bittadan kartoshka oling-da, uning ismini yozib xaltaga joylang.
Bu antiqa va qiziq topshiriqdan so’ng, ba’zilarning xaltasiga uchta, beshta kartoshka kirgan bo’lsa, ba’zi o’quvchilarning xaltasi esa kartoshkadan to’lay deb qoldi Shunda «Bu yog’i qanday bo’larkan?» deb qarab turgan o’quvchilarga o’qituvchi o’zining keyingi topshirig’ini aytdi:
– Bir hafta davomida qayerga borsangiz ham, bu xaltalarni doim o’zingiz bilan olib yurasiz. Xoh yotog’ingizda, xoh avtobusda yoki maktabda bo’lsin, har doim xalta siz bilan bo’lishi lozim.
Oradan bir hafta o’tdi. O’qituvchilari sinfga kirar-kirmas, topshiriqni bajargan o’quvchilar shikoyat qila boshladilar:
– Ustoz, bu og’ir xaltani ko’tarib yurish juda qiyin.
– Ustoz, kartoshkalar ayniy boshladi. Odamlar ham menga g’alati qarashyapti.
– Ham zerikib ketdik, ham charchadik, ustoz…
Shunda o’qituvchi jilmayib turib, o’quvchilariga ibratli bir gap aytdi:
– Buni qarang, kechirmasdan aslida o’zimizni jazolayotgan ekanmiz. Ruhimizni mana shunday og’ir yukni tashib yurishga mahkum qilib qo’yibmiz. Kechirimli bo’lishni birovga nisbatan qilinayotgan yaxshilik, ehson deb o’ylaymiz. Aslida, bu eng avvalo, o’zimizga qilingan yaxshilikdir.

(Turk tilidan Muna va Sumayro Xolmurodovalar tarjimasi)
«Sirli, ibratli va hayotiy voqealar» kitobidan 2-qism. T.-2009