Geografiya fanidan DTS

Primary tabs

Umumiy o‘rta ta’limning

DAVLAT TA’LIM STANDARTI

1-bob. Asosiy qoidalar

1. Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standarti (keyingi o‘rinlarda davlat ta’lim standarti deb ataladi) davlat ta’lim standartining maqsad va vazifalarini, asosiy prinsiplarini, tarkibiy qismlarini, davlat ta’lim standartlarini joriy etish hamda davlat ta’lim standartlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish tartibini belgilaydi.

2. Davlat ta’lim standartini ishlab chiqish quyidagi hujjatlarga asoslanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;

«Ta’lim to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni;

«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Uzluksiz ta’lim tizimi uchun davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish va amalda joriy etish to‘g‘risida» 1998-yil 5-yanvardagi 5-son qarori;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Uzluksiz ta’lim tizimining chet tillar bo‘yicha davlat ta’lim standartini tasdiqlash to‘g‘risida» 2013-yil 8-maydagi 124-son qarori;

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori;

O‘zDSt 1.0-98. «O‘zbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat tizimi. Asosiy qoidalar»;

O‘zDSt 1.1-92. «O‘zbekiston Respublikasi standartlashtirish davlat tizimi. O‘zbekiston Respublikasi standartlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish, tasdiqlash va ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari»;

O‘z DSt 1.5-93. «Standartlashtirishga doir normativ hujjatlarni ko‘rib chiqish, tekshirish, o‘zgartirish kiritish va bekor qilish tartibi»;

O‘z DSt 1157:2008. Hujjatlarni unifikatsiyalashtirish tizimi. Tashkiliy-farmoyish hujjatlar tizimi. Hujjatlarni rasmiylashtirishga bo‘lgan talablar.

O‘z DSt 1.8:2009. Asosiy qoidalar. Tavsiyalar.

3. Davlat ta’lim standartini bajarish O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun majburiydir.

2-bob. Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartining maqsad va vazifalari

4. Davlat ta’lim standartining maqsadi — umumiy o‘rta ta’lim tizimini mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribalari hamda ilm-fan va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalariga asoslangan holda tashkil etish, ma’naviy barkamol va intellektual rivojlangan shaxsni tarbiyalashdan iborat.

5. Davlat ta’lim standartining vazifalari quyidagilardan iborat:

umumiy o‘rta ta’lim mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;

milliy, umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlar asosida o‘quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etish;

o‘quv-tarbiya jarayoniga pedagogik va zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va bitiruvchilarining malakasiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;

kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun ta’lim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta’minlash;

ta’lim va uning pirovard natijalari, o‘quvchilarning malaka talablarini egallaganlik darajasini tizimli baholash tartibini, shuningdek ta’lim-tarbiya faoliyati sifatini nazorat qilishning huquqiy asoslarini takomillashtirish;

davlat ta’lim standartlari talablarining ta’lim sifati va kadrlar tayyorlashga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiqligini ta’minlash.

3-bob. Umumiy o‘rta ta’lim davlat ta’lim standartining asosiy prinsiplari

6. Davlat ta’lim standarti quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanadi:

o‘quvchi shaxsi, uning intilishlari, qobiliyati va qiziqishlari ustuvorligi;

umumiy o‘rta ta’lim mazmunining insonparvarligi;

davlat ta’lim standartining ta’lim sohasidagi davlat va jamiyat talablariga, shaxs ehtiyojiga mosligi;

umumiy o‘rta ta’limning boshqa ta’lim turlari va bosqichlari bilan uzluksizligi va ta’lim mazmunining uzviyligi;

umumiy o‘rta ta’lim mazmunining respublikadagi barcha hududlarda birligi va yaxlitligi;

umumiy o‘rta ta’limning mazmuni, shakli, vositalari va usullarini tanlashda innovatsiya texnologiyalariga asoslanilganligi;

o‘quvchilarda fanlarni o‘rganish va ta’lim olishni davom ettirish uchun tayanch va fanlarga oid umumiy kompetensiyalarni rivojlantirishning ta’minlanganligi;

rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ta’lim sohasida me’yorlarni belgilash tajribasidan milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda foydalanish.

4-bob. Umumiy o‘rta ta’limning davlat ta’lim standartining tarkibiy qismlari

7. Davlat ta’lim standarti quyidagi tarkibiy qismlardan iborat:

umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi;

umumiy o‘rta ta’limning o‘quv dasturi;

umumiy o‘rta ta’limning malaka talablari;

baholash tizimi.

8. Umumiy o‘rta ta’limning tayanch o‘quv rejasi (keyingi o‘rinlarda — tayanch o‘quv reja deb ataladi) umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan o‘quv fanlari nomi, o‘quv yuklamasining minimal hajmi hamda ularning sinflar bo‘yicha taqsimoti belgilangan hujjat hisoblanadi.

9. Tayanch o‘quv reja umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining dars jadvalini ishlab chiqish uchun asos hisoblanadi.

10. Tayanch o‘quv reja umumta’lim fanlari bo‘yicha belgilangan ta’lim mazmunini o‘quvchiga yetkazish uchun ajratilgan o‘quv soatlari (davlat ixtiyoridagi va maktab ixtiyoridagi soatlar)ning minimal hajmini belgilaydi.