Zominga bormoqchi bo’lganlarga 6 maslahat

×

Error message

Warning: array_key_exists() expects parameter 2 to be array, null given in theme_image_formatter() (line 605 of /var/www/vhosts/sadikov.uz/httpdocs/modules/image/image.field.inc).

Zominning go’zal tog’lari orasida joylashgan sanatoriy va uning atrofida sayr qilishga otlangan va uning shifobaxsh havosidan nafas olmoqchi bo’lganlar uchun 6 ta maslahat berib o’tmoqchiman. Kamina ham shu yilni iyul oyida mazkur joylarga oilam bilan 5-6 kunga sayr qildim. Rostini aytganda, Zominning havosiga gap bo’lishi mumkin emas. Respublikamizning deyarli har bir chekkasidan kelgan shifotalab hamyurtlarimizni ko’rib ko’zingiz quvonadi. Ayniqsa  Buxoro, Samarqand viloyatlaridan tashrif buyurganlar ko’pchilikni tashkil qiladilar. Zominda hali bo’lmagan va u yerga borishni rejalashtirganlar uchun quyida tavsiyalarimni keltirib o’taman:

1.       Kiyim – kechak. Agar yozni jazirama issig’idan chiqib salqingina havoga borib, mazza qilib maykachada yuraman desangiz adashasiz. Zominga borayotgan aziz hamyurtim. Bu yerda nafaqat tunda, balki kuppa – kunduzi ham sovqotishingiz mumkin. Har 4-5 kunda yomg’ir yog’ib turadi va havo juda namli. Maslahatim ortiqcha mahmadonaliksiz o’zingiz va farzandlaringiz uchun issiq kiyim olvoling. Afuslanmaysiz.

2.       Kirish puli. Zomin qo’riqxonasiga kirish pullik. Zomin sanatoriysi Zomin qo’riqxonasida joylashganligi uchun u yerga kirish bepul emas. Ya’ni qo’riqxona hodimlariga har bir voyaga yetgan shaxs uchun 7500 sumdan to’lov bor. Agar siz taksida borgan bo’lsangiz va o’sha taksida yana qaytmoqchi bo’lsangiz, albatta to’lov qilinganligi haqida qog’ozchani taksistga berib yuboring. Chunki u sizni olib ketish uchun qaytayotganda yana 7500 sum to’lashga majbur bo’ladi. To’lov qog’ozini ko’rsatsa, hech qanday muammosiz uni bepulga kiritishadi. Yosh bolalarga to’lov qilinmaydi!

3.       Yashash uchun to’lov. Tog’larda bir necha kun qolmoqchi bo’lsangiz va mablag’ingiz havas qilar darajada bo’lmasa, 2 xil variantdan foydalanishingiz mumkin. Chunki Zomin sanatoriyasida 1 kechaga qolish (ayniqsa mavsum vaqtida) eng kamida 120000 so’mlar atrofida bo’ladi. Agar joy topolsangiz. Odatda mavsum vaqtida sihatgohda joy topish nihoyatda mushkul.

1 – variant bu sanatoriy yonida joylashgan 2 qavatlik uylar. Uy egalari shunchalik “pishiq” bo’lib ketishganki, sizga o’z xonadonlarini jon deb taklif qilishadi. 3 xonalik xonadonning har bir xonasida joylashgan, yotish uchun mo’ljallangan divanga egalik qilish uchun har bir tunga 30-40 ming so’m atrofida to’lov to’laysiz. Mazkur xonadonlarda issiq suvli vanna, idish tovoq, qozon va tok pechkasi bor. Lekin, ular 100% to’liq emas.

2 – variant ancha arzon variant hisoblanadi. Sababi siz 1 kechaga turar joyni 10-20 ming so’m atrofida topishingiz mumkin. Faqat bitta “Lekin”i bor. Buning uchun siz qo’riqxonaga kirishda joylashgan odamlarning uyida yashaysiz va 2 qavatlik xonadonlardek bor sharoit bu yerlarda yo’q. Yana bir muammo bu har kuni 3000 so’m evaziga sanatoriyaga qatnaydigan taksilardan foydalanasiz. 2 – tanlov noqulayroq bo’lsa ham, sizdan ko’p mablag’ ketmaydi. Qo’riqxonaga kirish uchun har kuni 7500 so’m to’lashingiz kerak emas. Bir marta to’laysiz va Sanatoriydan o’zingizga “ambulatorniy knijka” ochirib olasiz.

4.       Davolanish. Xop, joylashib ham oldingiz. Ana endi sog’lig’ingizni tiklash haqida o’ylashni boshladingiz. Muolajalar uchun albatta o’zingizga sanatoriyning 2-qavatida joylashgan binoda “ambulatorniy knijka” ochirib oling. Doktorlarga uchraysiz va kassaga 6000 so’m to’laysiz. Agar nafas yo’llari bilan bog’liq muammoingiz bo’lsa sihatgohning ichida joylashgan va boshqa joylarda kam topiladigan tuzxona mavjud. Tuzxonada mavsum vaqtida odam nihoyatda ko’p bo’ladi. Tuzxonadan bahramand bo’lish uchun 2 ta eng ma’qul vaqtlarni tanlashingiz mumkin. Sahar soat 4:00-4:30 gacha va tushlikdan keyin soat 14:30 – 15:00 gacha tuzxonaga qiyinchiliksiz kira olasiz. Narxi 2000 so’m. Bolalarga 1000 so’m.

5.       Ko’p yuring va kam uhlang. Zomin tog’larining havosi beqiyos. Har bir borgan mehmon u yerning xo’sh havosidan nafas olib to’ymaydi. Ayniqsa o’t – o’lanlar, archalarning hidi kayfiyatingizni ko’taradi. Bu yerda charchoq nimaligini bilmaysiz. Qorningizni to’ldirib ovqat yesangiz ham, to’yganingizni bilmaysiz. Tog’ga bir marta chiqib kelib, yana ishtaxangiz ochilib turadi. Xullas, aytmoqchiman-ki. Kam uhlab, ko’p sayr qiling. Sayr qilish uchun atroflardagi archali tog’larga chiqing. Aytgandek, kechagina televizorda ko’rgan ma’lumotimni aytib o’tmoqchiman. Aytilishicha 1 gektar archazor bir katta shahardan chiqayotgan zaharli gazlarni yuta olar ekan. Ana endi o’zingiz o’ylab ko’ring 100 gektar archazorni ichida aylanib yurish sog’liq uchun qanday foydali ekanligini.

6.       Atrof – muhitni toza tuting. Yaqinda men yashayotgan viloyatda vaqtinchalik yashab turgan Fransiyalik qiz bilan gaplashib qoldim. Qiz Zomin haqida juda to’lib – toshib gapirdi. Hatto bunday go’zal joyni ko’rish uchun ota – onasini ham Fransiyadan taklif qildi. Ota-onasi Zomin haqida ajoyib taassurotlarini aytishibdi. Lekin sihatgoh va uning atrofidagi ahlatlarni ko’rishib, o’zbeklar o’z yerlarini toza tutishmas ekan degan fikr bilan qaytib ketishibdi. O’zingiz va farzandlaringiz tog’larda tozalikka rioya qiling. Ahlat tashlaman. Alloh bergan shunday go’zal makonni iflos qilmang.

Azizlar, yuqoridagi maslahatlarim siz uchun foydali bo’ladi degan umiddaman.

Hurmat bilan www.sadikov.uz

Izoh qoldiring