Yuklama ―O‘qituvchiga yuk

Yuklama atamasi paydo bo‘lganiga 10 yilcha bo‘lib qoldi. Undagi talablarni qog‘ozga tushirguncha, manaman degan ustozning ham esi og‘ib qolishi turgan gap. Ta’lim jonkuyarlari qog‘oz ostida ko‘rinmay ketdi. Ilgari o‘qituvchidan dastur, dars konspekti, reja va o‘quv jurnali talab qilinardi. Yuklama bo‘yicha tayyorlanishi shart qilib qo‘yilgan ba’zi hujjatlarni sanab ko‘raylik: to‘garak jurnali va konspektidan tashqari konsultatsiya rejasi-yu konspekti, dars tahlili, o‘z ustida ishlash papkasi, ilmiy tadqiqotlar, elektron darsliklar, multimedia, uslubiy qo‘llanma, ishlanmalar (ularni o‘qituvchilar internetdan ko‘chirib, o‘z nomini yozib qo‘yishyapti), namunaviy dars konspekti, tayanch so‘z va iboralar, test to‘plamlari, mustaqil ish, ota-onalar bilan muloqot daftari hamda uni tasdiqlovchi MFYdan ma’lumotnoma, majlis, turli tadbirlar bayonnomasi, navbatchilik qilgani, obodonlashtirishda qatnashgani asosi, texnologik xarita, ma’ruza- matn, majmua, ekspert xulosasi, mikrouchastka o‘quvchilariga rahbarlik... Har bir “muhim hujjat”dan bir nechta nusxa ko‘chiriladi. Ularni isbotlash uchun suratga tushiladi. Agar shular bo‘lmasa, muallimning maoshi qirqiladi, ustama haq ololmaydi. Yuklama har tomonlama mukammal qilib ishlab chiqilmasdan, hayotga tatbiq qilib yuborildi. Oqibatda qoidalari bir necha bor o‘zgartirildi.

Maktablarda o‘quv jarayoni bir xilda davom etadi, kollejlarda birinchi yarim yillikda dars soatlari ko‘p bo‘ladi, Yuklama shartlarini bajarishga ko‘pam ehtiyoj sezilmaydi, Ikkinchi yarim yillikka kelganda soatlar kamayib, uni to‘ldirish ancha qiyinlashadi. Bir o‘quv yili uchun, shuncha hujjatni tayyorlash uchun obodonlashtirishga 10, ma’ruza matnlari to‘plamiga 10, multimedia ishlanmasiga 20, bitiruvchilar bandligini ta’minlashga, 4 tomonlama shartnomani ham qo‘shganda 40 soat ajratilgan. Yuklama qog‘ozini to‘ldirishga bu juda kamlik qiladi. Bitta test varianti ishlab chiqilsa, 1 soat (aslida bir kun ham kamlik qiladi) hisobiga o‘tadi. Ta’lim muassasasi miqyosida ilmiy maqola tayyorlansa, 10 soat berilar ekan. Agar u viloyat gazetasida chiqarilsa -10, tuman miqyosidagiga 5 soat hisoblanadi.

Fan olimpiadasi, tanlovlarda g‘olib chiqqan, oliy o‘quv yurtiga kirgan o‘quvchilar ustoz mehnatining natijasi edi. Hozir kim ko‘p qog‘oz to‘ldirsa, o‘sha ilg‘or hisoblanyapti. Ish soddalashish o‘rniga murakkablashib bormoqda. Qog‘ozbozlik go‘yo cho‘qqiga ko‘tarildi. Tinib-tinchimas “ixtirochi”lar yangicha qog‘ozbozlik “soha”larini o‘ylab topishayotir. Endi portfolio degani ham chiqdi. Shunisi yetmay turuvdi. Portfolio har qanday odamni esankiratib qo‘yadi. Unda qator-qator bo‘limlar bor. Qisqasi, bitta mavzu uchun 35-40 varaq to‘ldirish lozim. O‘qituvchi bir yilda 100 ta mavzu o‘tsa, 4000 varaq yozishga majbur. Portfoliodan tashqari yana o‘shancha qog‘oz to‘ldirish, suratga tushish, ma’lumotnoma, tilxat, tushuntirish xati, dalolatnoma to‘plash hamda nusxa ko‘chirish kerak. Endi shunday savol tug‘iladi: shuncha hujjatni tayyorlash uchun o‘qituvchining vaqtiyu mablag‘i yetadimi? Bunaqada u qachon o‘z ustida ishlaydi, ijod qiladi, darsga tayyorgarlik ko‘radi? Eng asosiysi, qachon dam oladi? Yuklama uchun haq to‘lanadimi? Hozirgi vaziyat bo‘yicha go‘yo to‘lanadigandek. Aslida-chi? Fikrimni soddaroq qilib tushuntirmoqchiman. Yuklama kashf etilgunga qadar 1 soat darsga 4000 so‘m berilardi deb hisoblaylik, Yuklamani ishlab chiqqan mutasaddilar uni ikkiga ajratishdi. 2000 so‘m o‘tilgan dars uchun beriladigan bo‘ldi. Qolgan 2000 so‘mning 92,5 foizi yuklamaga ajratildi, ya’ni sopi o‘zidan chiqdi. Oddiy arifmetik hisob-kitob bo‘yicha, yuklama qo‘shilishi bilan oylik ortish o‘rniga 3,75 foizga kamaygandek.

O‘quv sifatini keskin oshirish uchun qanday chora-tadbir qo‘llansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi? Mening fikrim shunday: hozirgi maosh saqlangan holda yuklamadan butunlay voz kechish, dars stavkalarini jiddiy ko‘rikdan o‘tkazish lozim. SHunda ustozlarning ilmiy va ijodiy ishlar qilish, o‘quvchilar bilan astoydil shug‘ullanish, boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik olib borish imkoniyati ko‘payadi.

Qog‘ozbozlik bilan taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Undan yuz o‘girmas ekanmiz, intilishlarimiz sarob bo‘lib qolaveradi.

 pedagog M.Ismoilov

 

«7x7»―13 iyuldagi №28-soni

Izoh qoldiring

Image CAPTCHA