Xalq ta’limi vazirligining “sirli” tanlovi haqida bir og'iz gap

Bugun sizga XTVning yana bir tushunarsiz tanlovi haqida so’z ochmoqchiman. Shu yilning Aprel oyida Malayziyaning texnik hamkorlik dasturi bo’yicha yurtimizdan saralangan ingliz tili o’qituvchilarini mazkur davlatga 25 kunga (31-iyul-25-avgust kunlari) "Ingliz tilini o’qitish pedagogikasida innovatsiyalar” mavzusidagi o’quv kursida qatnashish uchun XTV tomonidan tanlov e’lon qilingan edi. Shartlar oddiy, anketa formasini to’ldirish va viloyat metodistlariga to’ldirilgan anketani taqdim qilish. Vazirlikning www.uzedu.uz saytida ma’lum sana bo’yicha to’ldirilgan xujjatlarni vazirlikka kelib, topshirish haqida ko’rsatma berilgan edi.

Kamina ham katta umidlar qurshovida mazkur tanlovga tayyorlandim. To’ldirilgan xujjatlarimni topshirish va ba’zi savollarimga javob topish uchun vazirlik taqdim qilgan 0(371) 239-17-60 raqamiga qo’ng’iroq qildim va ular to’ldirilgan anketalarni viloyat metodistlariga topshirishimiz lozimligini aytdilar (Saytda esa, xujjatlar vazirlikka taqdim etilishi lozimligi aytib o'tilgan edi). Viloyat metodistiga telefon qildim. Viloyat bo’yicha faqat 2 ta nomzod qatnashayotganini aytib, o’zimiz anketalarimizni Toshkentga, vazirlikka olib borib, topshirishimizni aytdi. Ertasi kuni kamina poytaxtga yo’l oldim.

Vazirlikka yetib borishim bilanoq 0(371) 239-17-60 raqamiga telefon qildim. Aytilgan sanadan 2 kun avval topshirish niyatida brogan edim. Rosti, xafsalam pir bo’ldi. Ahir vazirlikni tagida 2 soatga yaqin qolib ketganimga kim aybdor? Borishim bilanoq www.uzedu.uz saytida berilgan raqamga qo’ng’roq qildim. Javobni qarang endi: “Anketangizni kanselyariya bo’limiga topshiring” deyishdi va raqam berishdi. Kanselyariya bo’limiga telefon qildim. Endi ularning javobini qarang “Bizga bu haqda hech kim ma’lumot berilmagan, anketani topshirmoqchi bo’lsangiz anketani buyruq bilan topshiring”. Tushunmadim, buyruq haqida www.uzedu.uz saytida aytilmagan edi va bu haqda 0(371) 239-17-60 raqami orqali ham hech qanday ma’lumot olmagan edim. Bu haqda ularga aytganimda esa “Biz hech narsa bilmaymiz” deyishdi. Hech narsaga tushunmadim rosti. Ularga qayta – qayta telefon qilaverdim, natijada esa qo’pol muomalaga duchor bo’ldim. Vazirlik tagida 2 soat turishim natijasida menga o’xhsagan anketasi bor o’qituvchilarni 10 ga yaqini kelib, javobni eshitib qaytib ketishdi. 2 soatga yaqin vaqt o’tdi. Judayam hafa bo’lib ketdim. Kimga keragi bor bunday tanlovlar? Ma’suliyatni hech kim bo’yniga olgisi kelmay “otangga bor, onangga bor” gaplar?

Nihoyat, Hudo insof berdi shekilli. Endi qaytmoqchi bo’lib, so’nggi umid bilan yana bir qo’ng’iroq qildim va nihoyat 0(371) 239-17-60 raqamidagi tanlov uchun mas’ul shaxslar – kutib turishimni aytishdi. Anketamni topshirganimdan so’ng faqat bitta narsa haqida o’yladim. Topshira olganimga yaratganga shukr qildim. Endi Malayziyaga ketish haqida o’ylamadim. Chunki oddiy anketani topshirish shuncha “mukammal”, “sinovli” jarayon bo’lsa…

Eng muhimi keyin bo’ldi. Mazkur tanlov natijasini ko’raman deb www.uzedu.uz saytiga tez – tez kirib turdim. Ming afsuski, na natija haqida bila oldim, na tanlovda saralangan o’qituvchi kimligini aniqlay oldim. Vazirlikka 0(371) 239-17-60 telefon raqamiga qo’ng’iroq qilsam – “natija faqat tanlovda g’olib chiqqan o’qituvchiga aytiladi” deb aytishdi. Nega faqat unga? Ahir bu tanlov g’olibi qaysi omadli o’qituvchi bo’lganligini butun respublikaga e’lon qilib, boshqa o’qituvchilarga namuna qilib ko’rsatish kerak emasmidi?

Izoh qoldiring

Image CAPTCHA