Rahmat dadajon! - Ibratli hikoyalar turkumidan

Главные вкладки

U maktabni oltin medalga bitirdi. Ko‘pchilik unga havas bilan, ayrimlar hasad bilan qarardi.

O‘qituvchisi uni sinfdoshlarining oldida maqtadi:

– Mana, Zebo hamma fanlarni a’lo baholarga o‘qigani uchun maktabimizni oltin medal bilan bitiryapti, – dedi o‘qituvchisi faxrlanib.

Shu payt orqaroqda o‘tirgan bir sinfdosh yigit luqma tashladi:

– Ha! U hatto soqovlar tilini ham yaxshi biladi!

Sinfda engil kulgu ko‘tarildi. O‘qituvchi o‘sha yigitga tanbeh berdi. Shunda Zebo:

– Hechqisi yo‘q, ustoz! – dedi ma’yusligini yashirish uchun jilmayishga harakat qilib. – U to‘g‘ri aytyapti... Ha, mening dadam gapirmaydilar. Lekin shu holiga men har kuni maktabdan qaytganimda, ovqat pishirib kutib o‘tirdilar, darslarimni qilishga yordam berdilar. Men ularning yordami bilan bugun oltin medalni qo‘lga kiritdim. Men shu darajaga yetganim uchun otamdan bir umr minnatdorman, ularga har kuni “Rahmat, dadajon!” deb aytishdan charchamayman. Va kelajakda ana shunday gapirolmaydigan bolalar maktabida o‘qituvchi bo‘lishni niyat qilganman.

Sinf suv quyganday jimjit edi.

Nargiza SHUHRAT