Poyabzal sotuvchisining savoblik qilmishi

Главные вкладки

Poyafzal sotuvchi yangi keltirgan mollarini peshtaxtaga joylashtirayotgandi. Ko‘chadagi bir bolakay uni kuzatib turardi. Ta’til payti bo‘lgani uchun hozir sport poyabzallariga ehtiyoj ko‘p edi. Mollar oliy sifatli, keng assortimentda bo‘lmasa-da, kichkina do‘kon uchun etarli edi. Sotuvchi mollar orasidan bejirimlarini oyna tomonga qo‘yarkan, bolakay peshtaxtaga yaqinlashdi.

Bolakay qo‘ltiqtayoqqa suyanib yursa-da, ko‘rinishi tetik edi. Sotuvchi unga bir qur ko‘z tashladi. SHimining chap pochasi tizzasidan pasti shalvirab turardi. Shuning uchun o‘zini o‘ngga-chapga tashlab, go‘yo nuqsonidan uyalayotgandi. Bolakay ko‘rgazmada turgan poyabzallarga mahliyo bo‘lib qarab turardi. Bir muddat shunday turdi. Do‘kondan uzoqlashgandi, sotuvchi tashqariga bosh chiqarib:

- Bolakay! - deya ovoz berdi. - Poyabzal olishni mo‘ljallaganmiding? Senga mos keladigan ajoyib oyoq kiyimlar bor.

Bolakay ungaqayrilib:

- Haqiqatdan ham poyabzallar chiroyli ekan, - deya tabassumqildi. - Lekin mening oyog‘im tug‘ma cho‘loq.

 

- Menimcha bu ahamiyatli emas! - Sotuvchi tashqariga otilib chiqdi. - Bu dunyoda hamma narsasi tugal odamning o‘zi yo‘q. Kimningdir qo‘li yo‘q, kimningdir oyog‘i. Yana kimningdir aqli, birovning esa vijdoni bo‘lmaydi...

 

Bolakay jim turaverdi. Sotuvchi esa gapida davom etdi:

 

- Koshki vijdonimiz bo‘lmaguncha, oyog‘imiz bo‘lmasaydi.

 

Bolakay hayron qoldi. Sotuvchiga yaqinlashib:

 

- Tushunmadim? - dedi.

 

- Shunday, bolajon! - dedi sotuvchi. - Vijdonimiz bo‘lmasa inson bo‘lolmaymiz. Oyoqlarimiz bo‘lmasa, inson bo‘lishimiz muammo bo‘lmaydi. Zotan insonni jismi emas fe’l-atvori to‘kis ko‘rsatadi. Vijdonsizlar jannatga kirolmaydilar. Oyog‘i yo‘qlar uchun esa jannatda bu nuqsondan forig‘ bo‘ladilar. Hatto jismidan nuqsoni bor insonlar sog‘lom insonlardan ko‘ra ko‘proq mukofotga munosib bo‘lishlari ehtimol.

 

Bolakay yana bir bor tabassum qildi. Shu bugunga qadar chekkan iztiroblari ariganday bo‘ldi. Sotuvchi erkak peshtaxtaga ishora etib:

 

- Hozir ko‘rganing poyabzal senga yarashadi. Kiyib ko‘rasanmi? -dedi.

 

Bolakay boshi bilan "yo‘q" ishorasini berdi:

 

- Ustiga o‘ttiz lira deb yozilgan ekan. Uni ololmayman.

 

- Hozir mavsum tushgan payt, shuning uchun biroz arzonlashtiraman. Yigirma liraga tushirishim mumkin. Sen uning bir poyini olasan. Demak, bir poy oyoq kiyimi uchun o‘n lira bersang kifoya qiladi.

 

Bolakay biroz o‘ylanib turdi-da:

 

- Narigi poyi biror ishga yaramaydi. Kim oladi uni?- dedi.

 

- Obbo, rosa gapni cho‘zding, - deya kuldi sotuvchi.

 

- Uni ham o‘ng oyog‘i bo‘lmagan biror bolaga sotarman.

 

Bolakayning ko‘ngli biroz tinchlanganday bo‘ldi. Sotuvchi undan: - Maktabga borasanmi?- deya so‘radi.

 

- Ikkinchi sinfni tamomladim. Uchinchiga o‘tdim!

 

- Unda yanaham yaxshi, - dedi sotuvchi. - O‘quvchi bo‘lganing uchun besh liraga arzonlashtiramiz. Besh lira qoldi. Buyog‘i savdolashish hisobiga o‘tdi. Demak, poyafzal seniki bo‘ldi! Sotdim uni!

 

Sotuvchi bolaninghayrat to‘la boqishlari orasida do‘konga kirdi. Peshtaxtalar bolakayga yoqqan poyabzal bilan to‘la edi. Ammo sotuvchi ko‘rgazmada turgan poyabzalni oldi. Bolakayni o‘rindiqqa o‘tirg‘izib, yangi oyoq kiyimini kiydirdi. Eski poyabzalini bolakayga ko‘rsatib:

 

- Men mahsulotimni sotdim, - dedi. - Sen ham bu poyabzalingni menga sotsang mamnun bo‘lardim.

 

- Hazillashyapsizmi? - kuldi bolakay. - Uning tagcharmi eyilib ketgan, eski bir poyabzal bo‘lsa. Shu turishida pulga arziydimi u?!

 

- Sen qoloq ekansan-ku, kichik do‘stim, - deb kuldi sotuvchi. - Antikvar narsalardan xabaring yo‘q ekanda. Antikvar narsalarqancha eski bo‘lsa, shuncha narxi oshadi. Shuning uchun ham menimcha oyoq kiyiming o‘ttiz-qirq lira tursa kerak.

 

Bolakay shokholatga tushgan kabi edi. Go‘yo tush ko‘rayotgandi u. Sotuvchining hayajondan titrayotgan qo‘llaridagi qog‘oz pullarga ko‘z yugurtirar ekan, o‘n liralik banknotni nari surdi:

 

- Menimcha yigirma lira ham etarli. Hozir mavsum tushgan payt-ku!

 

Sotuvchi uning gapini rad etmay o‘n lirani qaytib oldi va bolakayning yonog‘idan o‘pdi. Quvonchi ichiga sig‘masdi sotuvchining. Agar butun do‘kondagi mollarini bir kunda sotib yuborsa ham hozirgidek baxtiyor bo‘lolmasdi. Bolakay o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Go‘yo qo‘ltiq tayoqqa ham ehtiyoji yo‘q edi uning. Mahzun tabassum bilan dedi:

 

- Otam haq ekanlar! "Jismingdagi nuqson uchun hech qachon o‘kinma!" - deydilar. Bugun birinchi marta nuqsonimdan o‘kinmadim.