O'g'lim bergan tarbiya - "Aka" deyish

Главные вкладки

Ota -ona boʻlganimizdan soʻng farzandimizga oʻzimizning yaxshi tarafimizni koʻrsatishga harakat qilamiz. Uning tarbiyasi haqida qaygʻurib oʻzimizning yomon illatlarimizni yashiramiz va yaxshi odatlarimizni unga oʻrnak qilib koʻrsatamiz. Men ham shunday otalardan biriman desam mubolagʻa boʻlmaydi. Farzandlarim bilan birga boʻlganimda ularga “oʻzimcha” foydali deb oʻylaydigan oʻgitlarni oʻqdirib boraman. Nima savob, nima gunohligini aytib boraman. Xullas, faqat yaxshi tomonimni koʻrsataman deb, gohida qovun ham tushirib qoʻyaman. Bir kuni bir voqea yuz berdi. Oʻgʻlim bilan oʻtirgan edik, akam qoʻngʻiroq qilib qoldi. Akam bilan gaplashdim. Birozdan soʻng qoʻshnimizni 12 yoshli oʻgʻli uyimizga kirib qoldi. Katta oʻgʻlim undan kichkinaligiga qaramasdan “sen” deb murojaat qildi. Meni ham shu holatda otalik “reaksiyam” ishga tushib ketdida, oʻgʻlimga tanbeh berishni boshladim. “Oʻgʻlim, oʻzindan katta bolalarga aka deb murojaat qilgin” deb aytdim. Lekin oʻgʻlim shu zahoti menga “dada, katta dadam telefon qilganlarida nega ularga aka deb aytmadingiz? Siz demasdan, sen dedingiz” deb qolsa boʻladimi. Obbo, qovun tushirdim. Nima deyishni bilmay qolsam deng. Vaziyatdan chiqib ketish uchun akam bilan oʻrtamizda koʻp yosh farq qilmasligini aytdim. Lekin shu voqea sabab, akamga goh-gohida “aka” deb murojaat qiladigan boʻldim.

Aziz otalar. Hayotiy tajribamdan shuni bildim-ki, doim ham farzandimizga ijobiy narsalardan dars bermasligimiz kerak ekan. Vaqti kelsa, oʻzingizdan 2-5 yosh kichik oʻgʻlingiz ham sizga “ustoz” boʻlib qolar ekan.