O‘quvchi yozuvi nega xunuklashadi?

Insonning xulq-atvorini yozuvidan bilib olish mumkin. Kimning yozuvi aniq, tushunarli bo‘lsa, badiiy va estetik didi ham yuqori bo‘ladi. Badxatlik esa hafsalasizlik, dangasalik belgisi. 

Ma’lumki, chiroyli yozish sirlari boshlang‘ich sinfdanoq o‘rgatiladi. Ammo keyinchalik aksariyat o‘quvchilarning husnixati xunuklashib boradi. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Birinchidan, ayrim o‘quvchilar jarayonga beparvo qaraydi. Ikkinchidan, o‘qituvchining malakasizligi ham badxatlikka sabab bo‘ladi. 1-sinfda husnixatga o‘rgatishning dastlabki kunidan o‘qituvchi va o‘quvchilarning oldida qator vazifalar turadi. Bolalarning bir qismi tez, ikkinchisi sekin o‘rganadi. Buni inobatga olish zarur. Bola savodli yozishni o‘rgandi, endi u chiroyli yoza olishi, o‘z xatida nuqson sezsa, uni bartaraf etish ustida ishlashi kerak. Xo‘sh, o‘quvchilarda husnixat malakasi qanday hosil qilinadi? 

Ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqqan holda bu borada o‘z fikrimni bayon qilmoqchiman. Husnixat ko‘proq yozuv qurollarining sozligiga bog‘liq. Hozirgi paytda aksar o‘quvchilar sharikli ruchkadan foydalanadi. Uning siyohi turlicha bo‘lgani uchun yozuvlar ham har xillashadi. Yozuv bir xil bo‘lishi uchun o‘qituvchi o‘quvchilar ruchkasini sozlab, daftarning siyoh enlamaydigan qalin oq varaqlisini olishi, partada to‘g‘ri o‘tirishiga e’tibor berishi, daftar parta yuzasida 65 gradus qiya¬likda joylashtirilishini nazorat qilishi, chamalash, batartiblik qobiliyatini oshirishi lozim. 

O‘qituvchi o‘quvchilar chiroyli yozishi uchun partalar oralab nazorat qilib turishi zarur. Harf elementlarini buzib yozgan o‘quvchining daftari hoshiyasiga namuna yozilib, tushuntiriladi. 

2-sinfning ikkinchi yarmidan o‘quvchilar bir chiziqli daftarga yozadi. Bunda kichik harflarning balandligini 4 mm, bosh harfning balandligini esa 8 mm qilib yozish o‘rgatiladi. 2-sinfda tez takrorlanadigan unsurli harflarni bir-biriga tutashtirishga oid mashqlarni bajarishga e’tibor berish kerak. Bunda harf qiyaligini saqlab, qo‘l harakatini uzmay yozish malakasi mustahkamlanadi. Bir chiziqli daftarga ba’zi o‘quvchilar harfni katta-kichik, baland-past qilib yozadi. O‘qituvchi daftarni tekshirayotganida noto‘g‘ri yozilgan harflarni tuzatib, keyingi darsda ularning xatosini aytishi lozim. Masalan, bir o‘quvchi -na bo‘g‘inini yozishda n ni katta, a ni kichik harfda yozadi. Agar o‘quvchi chamalay olmasa, unda o‘qituvchi uning qo‘lidan ushlab yozdirishi kerak. Harflar qiyaligini to‘g‘ri saqlab (65 gradus) yozish daftarning parta ustida turishiga bog‘liq. Daftarning qiyaligi o‘zgarib tursa, yozuvning ham sifati buziladi. Quyida qiya va tik yozilgan yozuvning farqi o‘quvchilarga ko‘rsatiladi. 

lllllllllllllllllllll (tik), lllllllllllllllll (qiya) 

Har bir darsda o‘qituvchi o‘quvchilar daftarining to‘g‘ri turganini kuzatib borishi, pastki burchagini bolalarning ko‘kragi o‘rtasiga to‘g‘rilab qo‘yishi kerak. 

Daftar yozuvlarga to‘lib borgani sari beixtiyor yuqoriga suriladi. Shu bois, chap qo‘l bilan daftarning yuqori tomoni bosib turiladi. 3-4-sinflarda o‘quvchilar chiroyli yozishni yaxshi o‘rganib olgan bo‘lsa ham muntazam tayyorgarlik mashqlarini o‘tkazish lozim. 

Bu mashqlarni bajarishda qo‘l harakatini uzmay yozish, bosh va kichik harflarni bir-biriga bog‘lab yozish o‘rgatiladi. Shuningdek, boshni biroz pastga egib, to‘g‘ri o‘tirish, oyoqni bo‘sh tutib, yerga qo‘yib o‘tirish, qo‘lni to‘g‘ri tutish, ruchkani to‘g‘ri ushlash, shoshmasdan, chaplash¬tirmay yozish kabi qoidalarga amal qilish kerak. 

Chiroyli yozuv shunchaki yozish, nusxa ko‘chirish bo‘lib qolmasligi kerak. Risoladagidek yozgan o‘quvchilarni «Balli», «Barakalla» kabi so‘zlar bilan rag‘batlantirib borish zarur. Chiroyli yozuv malakasini mustahkamlash sinf¬xona¬ning yorug‘ligiga, doskaning tekis, harakatlanishga mosligiga ham bog‘liq.

Munavvarxon YO‘LDOSHEVA, Uchko‘prik tumanidagi 18-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi

Izoh qoldiring