Ma'lumotlarni eslab qolish qoidalari

Главные вкладки

Psixologik sinovlar xotira kuchining o‘zgarmas qobiliyat emasligini ko‘rsatadi. Mashq qilinganda mushak rivojlanib borganidek, xotira ham yodlash, esda saqlash malakasi orqali kuchayib borishi mumkin. Shuning uchun o‘zingizga yoqqan so‘z, she’r va boshqa ma’lumotlarni doim yoningizda bo‘ladigan “xotira daftari”ga qayd etib, yod olishga intiling.

Bilimlarni xotiraga jo qilishning ham yo‘llari bor. Jumladan:

1. Xotirlamoqchi bo‘lgan har qanday mavzuni yaxshi anglaganingizga amin bo‘ling. Bir ishning mohiyatini tushunish, uning qanday tamoyillarga tayanganini yaxshi bilib olish xotirlashni osonlashtiradi.

2. Mavzuni eslab qolish maqsadida o‘rganing. Tajribalar shuni ko‘rsatadiki, biron hodisani eslab qolish maqsadingiz bo‘lmasa, bunday holatda xotira susayadi.

3. Yod olinishi kerak narsalarni ma’lum guruhlarga ajratib, tartibga keltiring.

4. Keng sahifa, paragraf holidagi mavzularni xotirlash uchun ular ichidan mavzuni ochishi mumkin bo‘lgan kalit so‘zlarni, iboralarni toping.

5. O‘rganayotganingizda imkon qadar turli sezgi a’zolaridan foydalaning. Masalan, ham ko‘rish, ham baland ovozda o‘qish, ham fikrlash, yozish yo‘li bilan o‘rganilgan mavzu xotirada yaxshi saqlanib qoladi. Bu a’zolardan faqat biri ishtirok etgan holda o‘rganilgan bilim natija bermasligi mumkin.

6. O‘z xotirangiz tipini belgilab oling, o‘rganishda ko‘proq unga tayaning. Xotiralar turlicha – ba’zilarda ko‘z xotirasi, ba’zilarda quloq xotirasi kuchliroq – bo‘lishi mumkin.

7. Katta parchalarni kichik mantiqiy bo‘limlarga ajratgan holda yod oling.

8. Chala-chulpa bir soat sarflash o‘rniga, diqqat bilan yarim soat ishlash, orada miyaga bir oz dam berish ko‘proq samara keltiradi.

9. Texnika atamalarini, sanalarni, chet tilini o‘rganayotganingizda yod olish kartochkalaridan foydalaning. Kartochkalarning bir tomoniga so‘zni, sanani, formulani yozish orqali yanada oson yod olish mumkin .

 

 

"Baxtli hayot sari" kitobidan