Bola xulqining yomonligiga faqat o'qituvchi aybdormi?

O’qituvchi sifatida o’z darslarimda ko’pgina vaziyatlarga duch kelaman. Ba’zida darsni vaqtga taqsimlash muammosi tug’iladi, ba’zida esa o’quvchilarning xulqi meni qiynab qo’yadi. Ayniqsa, keyingi muammo hozirgi kunda hamma o’qituvchini qiynab qo’ymoqda deb aytsam, adashmagan bo’laman. Aynan bugungi kunga kelib, o’qituvchi dars o’tish davomida o’quvchilarning yomon xulqidan “bezib” qolmoqda. Avvallari bunday muammo yo’q edi. Sababi ota – onalar farzandlarini o’qituvchining qo’liga topshirib qo’yishardi va ustozning qattiqqo’lligiga e’tibor ham berishmas edi. Qilingan ayb ish uchun o’qituvchi tomonidan berilgan jazoni to’g’ri jazo deb o’ylashar edi. Ota – ona va ustoz o’rtasida ishonch bor edi. Afsuski, bugungi kunga kelib bu holatning ayni aksi bo’lmoqda. O’qituvchiga bir tomondan vazirlikdan talaygina vazifalar qo’yilsa, bir tomondan “xujum”ga tayyor ota – onalar. Qani farzandiga qo’l ko’tarib ko’rsinchi…

To’g’riroq qilib aytganda, o’qituvchining o’quvchiga so’zi o’tmay qolayapti. O’quvchilar o’z “huquq”larini ota – onasining “yordami” orqali bilib olishib, o’qituvchiga hohlasa gap qaytarishadi, hohlasa umuman o’qishmaydi. Afsuski, bunday hol yurtimizning ko’pgina maktablarida sodir bo’layapti. Yana bir yomon tomoni o’quvchini tarbiyasi buzilayotganiga yana o’sha o’qituvchi aybdor. Keyingi vaqtlarda ijitimoiy guruhlarda ham o’qituvchilar bilan bog’liq videolarni muhokama qilish urf bo’lib qolmoqda. Qaysidir ustoz o’quvchisini jazolayotgani yoki maktab tarbiyaviy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari o’quvchilarni haqoratlayotgani, qaysidir bog’cha opani bolalarni fayl papka bilan urgani kabi videolar hozir barchaning diqqat markazida va muhokamada. Keling, bir o’ylab ko’raylik, o’qituvchi agar darsida qattiqqo’l bo’lmasa, o’quvchilar o’zini qanday tutishadi? O’qituvchini muhokama qilayapmiz-u, ota – ona har doimgidek aybsizmi?

Hozirgi kunga kelib, jamiyatimizda muammoli oilalar ko’paymoqda. Albatta, muammoli oilalar farzandlarining tarbiyasida nuqson bo’ladi. Dadasi Koreyada yoki onasi Turkiyada yurgan, qo’lida kitob o’rnida o’yinga yoki vahshiy videolarga to’la telefoni bor bolaning tarbiyasi haqida kim qayg’uradi o’zi? Axir o’qituvchi bolaning uyidagi sharoitini to’g’irlay olmaydi-ku! Nahotki, biz uchun faqat o’qituvchi aybdor bo’lsa? Ota – onalarni ya’ni o’zimizni ham muhokama qilish vaqti kelmadimikan?!

Men ota – ona va o’qituvchi sifatida bir taklif bilan sizlarga murojaat qilmoqchiman va bir taklif kiritmoqchiman. Keling, o’qituvchiga qo’yilgan talablarni ota – onalarga ham qo’yaylik. Masalan, mahalla nozirini yoki ichki ishlar xodimi oilalarga biriktirib qo’yilsa. Ota – onalar uchun jarima joriy qilinsa. Masalan, agar bola maktabda qaysidir fandan qoniqarsiz (2) baho oldi. Mahalla noziri yoki yana bir davlat tashkiloti ota – onadan jarima undirsa, agar ota – ona jarima to’lashni istamasa, majburiy mehnat jazosiga jalb etilsa. Yoki, o’quv yili ohirida o’quvchi qaysidir fandan imtihon topshirib o’ta olmadi, mahalla noziri yoki ichki ishlar xodimi ota – onaga dakki bersa. Xullas, ota – onani ham farzandning o’qishi va tarbiyasi uchun javobgar qilsak degan fikrni olg’a surmoqchiman. Albatta, kimlargadir bu fikrlarim erish, yoki ilojsiz tuyulayotgandir, lekin bunga o’xshash taklifni ko’pchilik bo’lib olg’a sursak, jamiyatimizning eng og’riqli nuqtasi bo’lgan yoshlar tarbiyasi masalasiga yechim topishimiz mumkin bo’ladi.

Xulosa qilib aytganda, biz yangi davrda turibmiz. Yurtimizda muhtaram prezidentimiz tashabbusi bilan ko’pgina sohalarda o’zgarishlar bo’lmoqda. Davlatimizda o’nib o’sayotgan, bizning kelajagimiz bo’lgan yoshlarning sog’lom fikrli, tarbiyali, aqlan yetuk bo’lishi bugungi e’tiborimizga bog’liq. Aytib o’tilgan darajaga yetishish uchun faqatgina o’qituvchiga e’tibor qaratmaslik lozim. Buning uchun avvalo ota – onalar mas’uldirlar. Darsda tartib – intizom bo’lmasa, o’quvchiga sifatli bilim berish haqida qanday o’ylashimiz mumkin?

Zero Abdulla Avloniy aytganlaridek: 

Tarbiya bizlar uchun yo hayot yo mamot, yo najot – yo xalokat, yo saodat – yo falokat masalasidir.

 

Surat manbasi: buxoro-yoshlari.uz

Izoh qoldiring