AQSH ta’limidan olgan taassurotlarim

Dastur haqida qisqacha.

Shu yilning iyun va iyul oylarida AQSh davlat ta’limiy va madaniy ishlar bo’limi tomonidan tashkil qilingan SUSI dasturi (The Study of the U.S. Institutes for Secondary Educators – O’rta ta’lim beruvchilari uchun AQSh ta’lim institutlari) bo’yicha 5 haftalik o’quv kursini tamomlab qaytdim. Mazkur o’quv dasturi davomida men va menga hamroh bo’lgan 18 ta davlat o’qituvchilari bilan bu davlatning jamiyati, madaniyati, qadriyatlari va institularini o’rganish uchun AQShning 3 ta shtatiga (Montana, Shimoliy Karolina, Kolumbiya) tashrif buyurdik. Dastur 5 hafta davom etib, yuqorida aytib o’tilgan shtatlardagi maktablar, parklar, muzeylar, teatrlar, savdo do’konlari va madaniy me’moriy obidalar bilan tanishdik. 25 kun mobaynida Montana shtatida joylashgan Montana universitetining yotoqxonasida yashab, AQShning madaniyati, siyosati, geografiyasi va tarixi haqida darslarda qatnashdik va  dunyoga mashhur bo’lgan Yellowstone milliy parkiga sayohat qildik. Keyingi 5 kun davomida Shimoliy Karolina shtatiga bo`lib, u yerda ham shtat boshqaruv tizimi, shtat tarixi va turli xil madaniy me’moriy obidalarga tashrif buyurdik. Oxirgi 3 kunni esa Amerikaning poytaxti Vashington DC joylashgan Kolumbiya shtatida joylashgan AQSh davlat ta’lim bo’limiga tashrif buyurib, bu davlatning ta’lim tizimi haqida bo’lim mutasaddilaridan biri bilan suhbat qurdik. Biz uchun Vashington DC dagi yana bir esda qolarli voqea bu - 4-iyul AQSh milliy mustaqillik kuni tantanasi bo’ldi.

Tashrifimdan maqsad

AQSh ga kelganimdan so’ng men uchun o’rganishga eng muhim mavzulardan biri bu davlatning ta’lim tizimi bo’ldi. Buning sababi esa birinchidan,mening o’qituvchiligim bol’sa ,ikkinchi tomondan,Vatanimizda ta’limining rivoji uchun AQShdek rivojlangan va ko’p yillik tarixga ega bo’lgan ta’lim tizimidan misqolcha bo’lsa-da o’zim bilan ma’lumot olib ketish bo’ldi. “Xo’sh, men o’z yurtimga bu yerdan nimani o’rganib olib keta olaman va qanday qilib o’rgangan tajribalarimni yurtdoshlarimga yetkaza olaman?”, degan savollar meni qiynardi.

O’quv dasturi davomida Amerikadagi o’rta ta’lim, o’rta maxsus va oliy ta’lim muassasalari va davlat ta’lim muassasalarida bo`lib,u yerdagi ish jarayonini kuzatishga muvaffaq bo’ldik. Bundan tashqari men amerikaliklar oilasida 2 kun yashab ,AQSH ta’lim tizimi va oila o`rtasida chambarchas aloqa borligini angladim. Quyida siz uchun mazkur davlatda kuzatganlarimni va o’rganganlarimni so’zlab bermoqchiman. Albatta, har bir narsaning yutuq va kamchiliklari bo’ladi. Men ham AQSh ta’lim tizimida ijobiy va salbiy holatlarni ko’rdim. Lekin sizga faqat biz uchun o’rnak olib o’rganishimiz lozim bo’lgan jihatlar haqida yozaman. Kerakli xulosa chiqarib, o’rganganingizni ish faoliyatingizda va hayotingizda ozgina bo’lsa-da siz uchun foydasi tegadigan bo’lsa ,o’z oldimga qo’ygan maqsadlarimdan biriga yetishgan bo’laman.

AQSH ta’lim tizimi haqida qisqacha

Amerika davlati boshqa rivojlangan davlatlar singari ta’lim tizimi har bir davlatning eng muhim nuqtalaridan ekanligini allaqachon tushunib yetgan va imkoni boricha ta’lim tizimiga juda katta e’tibor qaratadi. Shunga qaramay Amerikadek rivojlangan davlatda ham ta’lim tizimida qator muammolar mavjud.  

AQSh ta’lim tizimi ham maktabgacha ta’lim, boshlang’ich ta’lim, o’rta va oily ta’lim bosqichlariga bo’linadi va u uch tizim tomonidan  nazorat qilinadi va moliyalashtiriladi: federal, davlat va mahalliy hokimiyat.

Amerika ta’lim tizimi tuzilishi turlicha desam ,adashmagan bo’laman. Sababi AQShda 50 ta shtat bo’lsa, har birining  o`ziga xos ta’lim tizimi mavjud. Davlat maktablaridagi o’quvchilar yil davomida o’zlari yoqtirgan fanlarni tanlashlari va aynan o’sha fanlardan chuqurroq ta’lim olish imkoniyatiga egalar. Masalan: jismoniy tarbiya fanidan o’quvchi o’zi uchun qiziq bo’lgan sport turini tanlaydi va maktabda tashkil qilingan jamoa a’zosiga aylanadi. Yuqori sinfda ham o’quvchi o’zi o’rganishi uchun fanlarni tanlay oladi, lekin unga tanlash uchun ko’proq fanlar taqdim etiladi. Baho qo’yish masalasida esa amerikalik o’quvchilar A, B, C, D ko’rinishida baholanar,lekin o`qituvchilar ularning baholarini barchaning oldida e’lon qilms ekanlar.Ota – onalarga farzandlarining natijalari bir o’quv yilida 4 marotaba tabelda ko’rsatiladi. Olingan baholar o’quvchi uchun ball hisoblanib, u o’sha ball asnosida institutga imtihon topshirishi mumkin.

Safarimiz  chog’ida 6 ta maktabga tashrif buyurdik. Kuzatishlarim asosida shuni bildimki, AQShda ota – onalar maktab tashkiliy ishlarida faol ishtirok etadilar. O’quvchilar darslardan so’ng ,asosan ,sport mashg’ulotlariga jalb qilinadilar. O’qituvchilar darslarda ko’proq o’qituvchi markazlashgan usullardan emas, balki o’quvchi markazlashgan usullardan foydalanib o’quvchilarga o’z ustilarida ishlashlari uchun qator loyihalar beradilar.

O’quvchilar  formasi

Hozirgi kunda yurtimiz ta’lim tizimida keng islohotlar olib borilmoqda ,lekin  o’quvchilar formasi masalasi  anchagina bahslarga sabab bo’lmoqda. Men borgan maktablarda  o’quvchilar maktab formasini umuman kiyishmas ekan. Lekin, bu barcha maktablarda o’quvchilar forma kiyishmaydi degani emas. Ba’zi maktablarda forma kiyiladi.

Formasiz yurishni men nafaqat o’quvchilarda, balki o’qituvchilarda ham kuzatdim. Albatta, bizning o’quvchilar formada maktabga borishadi va bu holat biz uchun juda muhim. Lekin sizga aytmoqchi bo’lganim shuki, forma haqida ko’p bahs yuritavermasdan asosiy e`tiborni o’quvchilarga sifatli bilim berishga, Vatanimiz uchun hozirgi kunda juda muhim bo’lgan ilmli kadrlarni yetkazib berish masalasiga qaratishimiz  kerak. Amerika ta’limidagi eng muhim nuqtalardan biri ham shu. Forma muhim emas, balki eng muhimi bu o’quvchidan kelajakda davlat uchun kerak bo’lgan yetuk kadr yetishtirishdir.

Turli hil tekshiruvlar.

AQSH poytahti Washington DC da joylashgan AQSH davlat ta’lim bo’limiga tashrif buyurib ,u yerda ta’lim bo’limi vakili bilan ochiq suhbat qurib,savollarimizga kerakli javoblarni oldik. Meni qiziqtirgan savollardan biri “Amerikada maktablarni tekshirish uchun tekshiruvchi(komissiya)jo’natiladimi?” .Javoblardan shuni bildimki , maktablarga deyarli tekshiruv jo’natilmaydi. AQSH da maktab o’quvchilarining bilimini tekshirishga mo’ljallangan maxsus bo’lim bo’lib, u har semestr o’quvchilarga test jo’natadi. Olingan natijalar esa davlat ta’lim bo’limiga taqdim etiladi. Eng past reyting olgan maktabga maxsus tekshiruv jo’natilib o’sha maktabdagi muammo o’rganilib chiqiladi va muassasaga amaliy yordam ko’rsatiladi. Demak, hech qanday bizdagi kabi kamchilik topgani keladigan tekshiruv yo’q. Aksincha,ulardagi tekshiruvlar faqat yordam berish uchun amalga oshirilar ekan.”Ta’lim vazirligi uchun eng muhimi bu –natija”,-deb javob berishdi.

O’qituvchilar maoshi

AQShdagi oyliklar haqida ko’pchilik yurtdoshlarimiz turlicha o’ylashadi. Ko’pchilikning fikricha AQShda ishchilarning shu qatori o’qituvchilarning ham oyligi juda baland va olgan maoshingiz sizga bir oyga bemalol yetadi va bundan tashqari mashina, uy olish uchun ham pul orttirishingiz mumkin.

O’qituvchi oyligi masalasida gapiradigan bo’lsam, ularning oyligi bizga o’xshab bir oylik qilib hisoblanmay, bir yillik qilib hisoblanadi va qayerda ishlashingizga qaraladi. O’qituvchi oyligi turli xil omillarga qarab belgilanadi. Masalan, ta’lim muassasasi turi, mutaxassisning turar joyi, maktab obrusi, maktabning xususiy yoki davlatniki ekanligi, o’qituvchi malakasiga qaraladi. Demak, o’qituvchining o’rtacha bir yillik oyligi bu $57100 deb olinadi. Garoyib holat shuki, men tashrif buyurgan maktablardagi ayrim o’qituvchilar o’zlarining oyliklarini past deb hisoblaydilar. O’ylashimcha, ularning bunday o’ylashlarning sababi bu narxlarning ular oladigan maoshlariga nisbatan balandligidir.     

O’quvchilarning erkin muloqot qila olishi

Montana shtatining Mizzula shahrida joylashgan “The big high school” maktabiga tashrif buyurganimizda biz ayrim fanlardan dars jarayonini kuzatdik. Geografiya darsida biz  turli  davlat  vakillari  sifatida qatnashdik va 6 ta partaga bo’lindik. O’quvchilar guruhlarga bo’lingan holda navbatma – navbat bizning oldimizga o’tirishib, bizga davlatimiz haqida savollar bera boshladilar. Masalan, davlatning poytaxti, dini, madaniyati, aholisi haqida. Olingan ma’lumotlarga qarab, guruhlar biz yashaydigan davlatni topishlari lozim edi. Dars jarayonida meni hayron qoldirgan holat bu- har bir o’quvchining erkin muloqot qila olishi bo’ldi. O’quvchi o’zining  fikrini keng yoritib bera olishi, oldidagi notanish odam bilan kulib, bamaylixotir aloqaga kirisha  olishi menga juda yoqdi. Buning sababi esa darslarda o’qituvchilar o’quvchilarga erkinlik va mustaqil fikrini tushuntirib bera olishga  sharoit yaratib berganliklari bo’lsa kerak. Amerikaliklar oilasida yashasmobaynida  shuni bildimki, o’quvchilarning muloqotda erkinligiga yana bir sabab  AQSH oilalarida ota – onalar farzandlarining  go`daklik davridan boshlab ular bilan huddi kattalardek suhbat qurushidir. Menga mezbonlik qilgan Amerikalik ota - onaning aytishicha, ular o’z farzandlarini turli xil oilaviy bazmlarga, kecha va dasturlarga olib borib ,u yerdagi odamlar bilan  muloqot qildirar ekanlar va bu holat ham bolada ko`pchilik orasida ham bemalol o`z fikrini bayon eta olish,o`zaro suhbat jarayonida o`zini tuta bilish,notanish insonlar bilan bemalol til topishib keta olish,o`z pozitsiyasiga ega bo`lish kabi ko`nikmalarning shakllanishiga yordam berar ekan.

Volontyorlik. Maktab va ota-onalar o’rtasida hamkorlik.

 “Men jamiyat a’zosiman, men jamiyatga kerakman va men ozgina bo’lsa-da ,shu jamiyatning gullab – yashnashiga hissa qo’shishim kerak” degan tushuncha hozirgi kunda ko’pgina amerikalik o’quvchilarning ongiga singdirilgan. Bolalar kichikligidan boshlab jamoat ishlariga ko’ngilli sifatida jalb etiladilar. Jamoat ishlariga qatnashishga bolalarni nafaqat maktab ,balki ota – ona ham targ’ib qiladi. Ota-onalar nafaqat bolasining jamoat ishlarida faolligini ta’minlaydilar, balki o’zlari ham qo’llaridan kelgancha maktabning takliflariga xayrixoh bo’lishadi va lozim bo’lsa, moliyaviy tomondan ham ko’mak beradilar. Masalan, qaysidir maktab o’quvchilari o’zlari xohlagan holda qandaydir hayriya ishiga borib ,u yerda birgalikda faol bo’lib mehnat qiladilar. Bolalar kichik yoshligidan boshlab volontyor sifatida faol bo’ladilar. Safar davomida bizni muhtojlar uchun tashkil qilingan “foodbank” nomli katta do’konga olib bordilar. U yerda esa turli yoshdagi odamlar muhtojlar uchun ovqat tayyorlardilar. Barchamizni lol qoldirgan holat “foodbank” da bog’cha yoshidagi ikki bolakayning onalariga  mevalarni plastik idishlarga joylashga yordamlashib ,xayriya ishlarida qatnashayotgani bo`ldi.

Maktab ichki dizayni va kutubxona

AQSh maktablari bilan bizning maktablarni solishtirmoqchi emasman. Yana bir e`tiborli jihat shuki, Amerika maktablari develorlarida faqat maktab va uning hayoti bilan bog’liq materiallarni topishingiz mumkin. Masalan: maktabni eng yaxshi baholarga bitirgan o’quvchilar, maktab faxriga aylangan o’quvchilar, o’quvchilar yaratgan loyihalar, maktab bayrog’I, maktab shiori, maktab logotipi.

Maktab kutubxonalari ham maktab hayotida muhim ahamiyatga ega bo`lib,kutubxona xodimlarining o’quvchilarni kitob o’qishga qiziqtirish uchun sa`yi harakatlari meni lol qoldirdi. Masalan, kutubxona xodimlari o’quvchilarning kitoblarga diqqatini tortish uchun kitob javonlari yuqorisiga eng ommabop va qiziqarli kitoblarni namoyish qilib qo’yisharkan. Yoki kitoblarni ro’yxatdan o’tkazish stolida katta jumboqli mashqlarni topishingiz mumkin bo`lar ekan. Kutubxonaga kelgan bola, albatta, bu jumboqli mashqlarning oldidan bee’tibor o’tib keta olmaydi va 500-1000 bo’lakchalardan iborat jumboqni o’zi istaganicha davom ettirib ,ulardan katta shakl chiqarishga harakat qiladi. Yana bir qiziq holat shuki, kutubxonada ota – onalar yoki boshqa xayriya jamg’armalari tomonidan tashkil qilingan maxsus kitoblar javoni bo’lib, unda xayriya tariqasida maktabga sovg’a qilingan kitoblar o’quvchilar tomonidan o’z shaxsiy kutubxonalari uchun olib ketiladi.

Xulosa

Xulosa qilib aytganda, biz o’z ta’lim tizimimizni rivojlantirish uchun shu sohada  ko’p yillik tajribaga ega bo’lgan davlatlardan ayrim jihatlarni olib, undan foydalanishimiz zarur deb hisoblayman.

AQSh ta’lim tizimini o’zimiz uchun to`liq o`zlashtirib ololmaymiz. Sababi AQSh davlati tarkibi va tuzilishi jihatidan bizning davlatimizdan yer bilan osmoncha farq qiladi. Lekin ularning ta`lim sohasidagi samarali usullarini,yuqori natijalarga eltuvchi ijobiy jihatlarini o`rgansak ,xato bo`lmas.Yuqoridagi ma’lumotlarga ba’zi bir  e’tirozlar bo’lsa, shuni yodda tutingki, men faqat AQShning bir necha shtatlaridagi maktablar haqida fikrlarimni bayon etdim. Maqolam orqali sizlarga o’zim olgan taassurotlarim bilan bo’lishib davlatimiz ta’lim tizimi uchun foydali bo’ladi ,deb hisoblagan ma’lumotlarni taqdim qilishga harakat qildim.

 

Jizzax viloyati

Umid IDUMI Ingliz tili fani o'qituvchisi

Sadikov Nasim

www.sadikov.uz

Foydalanilgan adabiyotlar:

www.skolko-poluchaet.ru

www. blog.svoi.us

Izoh qoldiring