“Ko’zing tuproqda chirisin Iflos!” yoki o’zbekning qarg’ishi haqida

Shanba kuni tushlikdan so’ng, yangi ko’chib o’tgan uyimizning ko’cha tarafida ishlayotgandim, qo’shni ayolning “Ko’zin tuproqda chirisin, iflos!” degan qarg’ishini eshitib seskanib ketdim. Bundoq qarasam, ayol o’zining 7-8 yoshlik qizini shunday qarg’ayapti ekan.
Qarg’ishning ma’nosini tushungan o’zini insonman deganlar seskanib ketish oddiy hol. Nega biz, o’zbeklar farzandimizni koyish uchun bunday so’zlarni ishlatamiz? Keling ularni eng mashxurlarini sizga sanab o’tay. Ularni barchamiz eshitganmiz. Ular bizga begona emas.
“Padaringga la’nat” (Otangga la’nat bo’lsin)
“Og’zingdan qon kelsin” (izoh shart emas)
“Haromi” (nikohsiz tug’ilgan bola)
Kisfurush (o’z tanasini sotayotgan fohisha)
Qizig’ar, qizzag’ar (qizi fohisha)
Maraz, iflos, nas…
Bu ro’yxatni yana davom ettirish mumkin. Ayni chog’da shu eng mashxur qarg’ishlar bilan kifoyalanib qolaylik.
Xo’sh, keling o’ylab ko’raylik. Nega bizning odamlar farzandlar’ini koyishda mazkur jumlalarni ishlatishadi?
Tarixga nazar solsak, 70 yillik turg’un davrini bunga sabab qilib ko’rsata olmaymiz. Bizni mustamlaka davlat sifatida ushlab turgan rus millatiga ayb qo’ya olmaymiz. Ular farzandlarini koyimaydilar. Koyiganlari ham bizchalik ma’nosi “tuban” bo’lgan iboralarni ishlatishmaydi.
Barchamiz musulmonmiz. Islom ta’limotiga nazar tashlasak, payg’ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bizga farzand tarbiyasida muomala odobini juda chiroyli tarzda o’rgatib ketganlar. Ya’ni janob payg’ambarimiz (s.a.v.) farzandingiz jahlingizni chiqarsa “Burning yerga ishqalgur” deb “so’kib” qo’ying degan go’zal odatni o’rgatib ketganlar.
Aziz millatdoshim. Qo’ying endi. Farzandimizni qarg’amaylik, so’kmaylik. Uni “chiroylik” urushaylik. Zero uning koyishlardan “qulog’i qotib” ketmasin.

«Burning yerga ishqalgur».

Bolangizni qarg‘amang,
Duo qiling bolani.
«It», «Eshak» deb so‘kishga,
Hayo qiling bolani.

Rasulluloh (s.a.v.) derdilar,
Yuzlaridan yog‘ib nur:
«Bolalar bu-jannatning
Gulu rayhonlaridir».

To‘g‘ri ba’zida «Gulu
Rayhon»lar ham kuydirar,
Sho‘xligi oshib ketsa,
Joningizdan to‘ydirar.

Bobom derdi: «Bolani
So‘kmoq asli emas ep,
Jahlingiz chiqsa ayting:
«Nodon» yoki «Xumpar» deb

«Boy bo‘lgur», «Ko‘paygur» deng
Aslo demang «O‘l», «La’nat»
SHuni bilib qo‘yingki,
So‘kinish ham bir san’at.

Qaniydi payg‘ambarday
So‘ksangiz, qilsam huzur
Ul zot derdilar, so‘ksa:
«Burning erga ishqalgur».

Tildan chiqqan har so‘zda,
Ma’rifat, ziyo bo‘lsin,
Hatto so‘kishingiz ham,
Yaxshi bir duo bo‘lsin.

Ixlos bilan qilingan,
Har niyating ushalar,
Har so‘zga ko‘kda «Omin!»,
Deb turar farishtalar.

«It» desangiz, it bo‘lib,
O‘zingizni qopadi,
«Eshak»dan eshak, har kim
O‘z tilidan topadi.

Farzandingiz bilan el
Faxrlanib yashasin,
Itu eshak fe’llardan,
Parvardigor asrasin.

Olim, shoir, hunarmand,
Polvon bo‘lsin bolalar
Yurtga kerakli, halol
Inson bo‘lsin bolalar.

Bolangizni so‘ksangiz,
«Poshsho bo‘lgur», deb so‘king,
«Olim bo‘lgur», «Xizrga
oshno bo‘lgur» deb so‘king...

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

Izoh qoldiring